Olim

KARIMOV BAXTIYOR RAHMANOVICH

Falsafa fanlari doktori, professor

Respublikamizda falsafa fani sohasida tanilgan faylasuf olim — falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Rahmonovich Karimov haqida gap borganda uni iste’dodli olim, faol va serqirra ilm sohibi deb atash mumkin, chunki u birgina falsafa sohasida qalam tebratmay, ilm-fanning boshqa sohalarida ham oʻzining salmoqli soʻzini ayta olgan olimdir. B.R.Karimov maktabdagi davridayoq, oʻzining iste’dodli ekanligini koʻrsata olgan edi. U oʻrta maktabni medal bilan bitirdi. Shundan soʻng, 1966-1971-yillari Toshkent Davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) “nazariy fizika” ixtisosligini ham imtiyozli diplom bilan tamomladi. Universitetni bitirgach Baxtiyor oʻzi egallagan kasb boʻyicha ishlashga qaror qildi va u 1971-1974-yillarda bu soha boʻyicha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining nazariy fizika boʻlimida muvaffaqiyatli ishlay boshladi. Institut rahbariyati 1973-1974-yillarda uning iste’dodini inobatga olib Dubnada (Rossiya) Yadroviy tadqiqotlar birlashgan institutida tadqiqotlar olib borishga ilmiy safarga yubordi. Nazariy fizika sohasidagi tadqiqotlar keng va chuqur falsafiy mushohada talab qiladi.  Bu haqiqatga toʻliq ishonch hosil qilgach, u oʻzining falsafa sohasidagi bilimini chuqurlashtirishga astoydil kirishdi va Rossiyaning Ekaterinburg shahrida joylashgan Ural universitetining falsafa fakultetiga sirtdan oʻqishga kirdi. Bu borada unga boʻlajak ilmiy rahbari - O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, falsafa fanlari doktori, professor Omonulla Fayzullayevich Fayzullayev  ham dalda bergan edi.



1975—1980-yillarda Baxtiyor Karimov falsafiy fanlardan ta’lim olib, falsafa fakultetini muvaffaqiyatli bitirdi. Fakultetda oʻqib yurgan davrida Baxtiyor Karimov toʻlaqonli faylasuf boʻlish uchun tabiat qonuniyatlarini bilishning oʻzi yetarli emasligiga, jamiyatning rivojlanish qonuniyatlari yanada murakkab va koʻp tarmoqli ekanligiga, ularni bilmasdan turib olamning mohiyatini toʻgʻri anglab boʻlmasligiga ishonch hosil qildi. Xullas, Baxtiyor Karimov jamiyatdagi jarayonlarni ham chuqurroq anglash maqsadida 1984-1990-yillarda Toshkent xalq xoʻjaligi institutiga kirdi va uni "mehnat iqtisodi" ixtisosligi boʻyicha oʻqib bitirdi.



Baxtiyor Karimov huquqshunoslik, iqtisodiyot, tarix, tilshunoslik, informatika sohalarida ham salmoqli tadqiqotlarni amalga oshirgan, jiddiy ilmiy maqolalar e’lon qilgan. Bu fikrlar B.R.Karimovning yana bir bor serqirra va sermaxsul olim ekanligini koʻrsatib turibdi.



B.R. Karimov ilmiy izlanishlar olib borishda masalaning mohiyatiga chuqur va asosli ravishda izchil kirib borishga intiladi. U har bir ilmiy dalilni sinchiklab qayta-qayta tekshiruvdan oʻtkazgandan keyingina oʻzining mantiqiy xulosasini chiqarishga odatlangan.



B.R.Karimov jahon va mamlakatimiz tarixini puxta oʻrgangan boʻlib, yoshlarga ta’lim berishda tarixiy xotirani uygʻotish muhim vazifa ekanligiga doimo jiddiy e’tibor qiladi. B.R.Karimov tom ma’noda vatanparvar olimdir. U yurtimizda oʻtgan va jahonga tanilgan mutafakkirlar hamda tarixiy jarayonlar sanalariga bagʻishlangan konferensiyalarda faol qatnashadi, oʻzi ham ana shunday anjumanlarni oʻtkazishga tashabbuskor boʻladi. U tilimiz va millatimiz tarixiga, ildizlariga aloqador har bir ilmiy xulosani diqqat bilan oʻrganib chiqishga, bu bilimlardan boshqalarni ham xabardor qilishga hamda ularni bu bilimlarga befarq boʻlmaslikka, dahldorlik tuygʻusini shakllantirishga jonkuyarlik bilan yondashadi. Mamlakatlar va xalqlar oʻrtasida oʻzaro ahillik, doʻstlik va birodarlik rishtalarining mustahkam boʻlishining tarafdori sifatida koʻplab yurtlarda ilmiy safarlarda boʻlgan va ma’ruzalar qilgan.



 



B.R.Karimov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida 1949-yilning 30-martida tugʻilgan. Uning ilmiy hayot yoʻli quyidagicha: ixtisosligi – fizik, faylasuf, iqtisodchi va tilshunos. 1983-yili "Abstraktlikdan konkretlikka koʻtarilishda dialektika, mantiq va bilish nazariyasi birligi" mavzuida nomzodlik, 1990-yili "Abstraktlikdan konkretlikka koʻtarilish usulida ob’yektivlik va sub’yektivlik dialektikasi” mavzuida doktorlik dissertatsiyalarini Toshkentda yoqlagan. U falsafa fanlari doktori, professor, Xalqaro axborotlashtirish akademiyasi akademigi, “Turon” Akademiyasi akademigi boʻldi.



OʻzR FA I.M.Moʻminov nomidagi Falsafa va huquq institutining ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, Fan va texnika falsafasi boʻlimi mudiri, 1992-1994-yillarda Oliy attestatsiya komissiyasi ijtimoiy va gumanitar fanlar boʻlimining boshligʻi, 1994-1995-yillarda OAKning bosh mutaxassisi, 1994-1995-yillarda FA Ilmiy-oʻquv markazi direktorining oʻrinbosari, 1996-2001 yilda mamlakat Ichki ishlar vazirligi akademiyasi falsafa kafedrasining boshligʻi, ilmiy-tadqiqot boʻlimi boshligʻi lavozimlarida ishlab keldi. U 1997-1998 yillarda Fan va texnika Davlat Komitetida falsafa, huquq, sosiologiya va pedagogika bo‘yicha ekspert kengash raisining o‘rinbosari boʻldi.



Ilmiy bilish metodologiyasi, ontologiya, gnoseologiya, dialektika, fan falsafasi, mantiq, tabiat falsafasi, falsafa tarixi, dinshunoslik, sinergetika, kibernetika, informatika, kosmologiya, matematika falsafasi, huquq, etika, estetika, ijtimoiy falsafa, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik, etnologiya, tilshunoslik, sharqshunoslik, tarix, akmeologiya, pedagogika, psixologiya, ta’lim falsafasi, ma’naviyat, mafkura, geosiyosat, globalistika, fizika, iqtisodiyot kabi  yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boradi. U mazkur sohalarga oid 21 tilda 900 dan ziyod chop etilgan ishlar muallifi.



Norvegiyaning Oslo universiteti, Inson huquqlari instituti va Diplomatiya institutida, Turkiyaning Erjiyes, Bilkent, Oʻrta Sharq, Qirqqala, Ankara va Istanbul universitetlarida, Daniyaning Osiyo tadqiqotlari institutida, Rossiyaning Falsafa institutida, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterinburg, Kazan, Ufa, Perm, Irkutsk, Xabarovsk, Nijniy Novgorod, Orenburg, Yakutsk, Petrozavodsk davlat universitetlarida, Vengriyaning Markaziy Ovrupo universitetida tadqiqotlar olib borgan va ma’ruzalar qilgan. Jahon sotsiologiya kongressida (Madrid, 1986), Fan falsafasi, mantigʻi, tarixi va metodologiyasi boʻyicha Xalqaro kongressda (Moskva, 1987) hamda Falsafa va ruhiyat Xalqaro kongressida (Sankt-Peterburg, 1997) va boshqa, 500 dan ko’p xalqaro va respublika anjumanlarida ma’ruzalari bilan qatnashgan.



Uning ilmiy ijodiy izlanish doirasi keng jabhali boʻlib, u ontologiya, bilish nazariyasi, ilmiy bilish metodologiyasi, millat va millatlararo munosabatlar, inson, milliy va davlat tillari, din va dunyoviy jamiyat muammolarini oʻrganadi va ularning yangicha yechimlarini izlaydi.



Hozirgi paytgacha professor B.R.Karimov olti fan nomzodlariga (K.J. Mira’zamov, G.A. Ivanov, F.F. Tolipov, T.M. Tursunmuratov, G.G. Ahmedov, M.B. Kadirov) va bir fan doktoriga (T.M.Tursunmuratov) ilmiy rahbarlik qildi va yana 9 olimning doktorlik dissertatsiyalariga raxbarlik qilmoqda.



“Диалектика объективного и субъективного в методе восхождения от абстрактного к конкретному (Abstraktlikdan konkretlikka koʻtarilish metodida ob’yektivlik va sub’yektivlik diаlеktikаsi)” (T., 1988),  “Проблемы развития нации и национального языка (Millat va milliy til rivoji muammolari)” (T., 1995), "Millat, inson va til: taraqqiyot muammolari" (Qarshi, 2003), “The Oikumenic concept of nation and problems of development of languages.”  “Ойкуменическая концепция нации и проблемы развития языков. (Millatning oykumenik konsepsiyasi va tillar rivoji muammolari)” (Qarshi, 2003), “Ойкуменическая концепция нации и проблемы развития языков” (Якутск, 2004) nomli monografiyalarning muallifi hamda "Fan taraqqiyoti imkoniyatlarini izlashning metodologik asoslari" (T., 1990), "Hozirgi zamon fanida imkoniyat muammolari” (T., 1993) va koʻp boshqa jamoaviy monografiyalarning hammuallifi. B.Karimov mustaqillik davrida mamlakatimizda falsafa boʻyicha oliy oʻquv yurtlari uchun yaratilgan yagona darslikning oʻzbekcha va ruscha nashrlarining mualliflar jamoasi tarkibida faol qatnashgan.



Professor B.R.Karimov ayni paytda jahon fanida ham muayyan yutuqqa erishgan olim sifatida elga tanildi. U 2001-yilda Xalqaro axborotlashtirish akademiyasi akademikligiga saylandi. Shu yili Buyuk Britaniyaning Kembridjdagi Xalqaro biografiya markazi bu iqtidorli olimni “XX asr lingvistikasidagi yuksak yutuqlari uchun” sertifikati bilan taqdirladi. 2002-yili B.R.Karimov Amerika Biografik institutining konsultantlar kengashi a’zosi etib saylandi. 2002-yili u haqida maqola Angliyada nashr qilingan «XX asrning 2000 taniqli intellektuallari» kitobiga kiritildi.



B.R. Karimov 2001-2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining boʻlim boshligʻi, 2005-2007-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Ilmiy-oʻquv markazining falsafa kafedrasi mudiri, 2007-2008-yillarda Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti falsafa kafedrasi professori boʻlib ishladi va 2007-2012-yillarda OʻzR FA I.Moʻminov nomidagi Falsafa va huquq institutida yetakchi ilmiy xodim lavozimida ishladi. B.R.Karimov 2013-2014-yillarda Imom Buxoriy xalqaro markazida “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalining bosh muharrir oʻrinbosari lavozimida ishlabdi. B.R.Karimov Respublika baynalmilal markazining faol tashkilotchi olimlaridan biri sifatida, mazkur tashkilotda millatlararo munosabatlar masalasiga oid bir necha jamoaviy monografiyalar tayyorlashda katta xizmat qildi va ayni paytda Markaz muassisligida oʻzbek va rus tillarida nashr etiladigan “Yagona oilada ((В семье единой)” jurnalining redkollegiya a’zosi edi. 2012-2014-yillarda Oʻzbekiston milliy universiteti Falsafa fakulteti qoshidagi Falsafiy tadqiqotlar oʻquv-ilmiy kompleksi yetakchi ilmiy xodimi,  2015-2017-yillarda Toshkent davlat texnika universiteti falsafa kafedrasida professor lavozimida ishladi. B.R.Karimov 2017-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi Ilmiy amaliy tadqiqotlar, metodika va ekspertiza bo‘limi boshlig‘i, qomitaning Millatlararo munosabatlar bo‘yicha ilmiy amaliy tadqiqotlar markazi rahbari lavozimlarida ishladi. 2020 yildan hozirgacha O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining yetakchi ilmiy xodimi, ayni vaqtda “Beruniy avlodlari” jamoat fondi huzuridagi Beruniyshunoslik ilmiy markazi direktori.



Karimov B.R. 2017 yili “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. 2018 yili Turkiy davlatlar tashkilotining Turkiy Akademiyasi “Vilgelm Tomsen” nomidagi kumush medali, 2020 yili O‘zbekiston «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni, 2021 yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni, 2023 yili Turksoy tashkilotining Turkiy xalqlar madaniyat jamg‘armasining “Dostlik” medali bilan mukofotlangan.



Karimov B.R. millatning oykumenik nazariyasi, global evolyutsionizmning emanasion kontseptsiyasi, etnolingvopanizm, etnosizm, o‘rtalashtirilgan tillar (jumladan, o‘rtaturk tili), o‘rtajahon tili konsepsiyalari muallifi.



B.R.Karimovga mustahkam sogʻlik, tinchlik, osoyishtalik va ulkan ijodiy yutuqlar tilaymiz.